O‘zbekistonda avtomobillarni hisobdan chiqarmasdan utilizatsiya qilish yoki ehtiyot qismlarga ajratish uchun jarima joriy etilishi taklif etilmoqda. Tegishli o‘zgartirishlarni Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritishni tayyorladi.
Hujjatga ko‘ra, yangi 125−4-modda qo‘shilib, transport vositalarini hisobdan chiqarish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Avtomobilni ro‘yxatdan o‘chirmasdan utilizatsiya qilgan yoki qismlarga ajratgan fuqarolar 5 BHM (taxminan 2 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi.
Mansabdor shaxslarga esa 10 BHM (4 mln so‘mdan ortiq) jarima qo‘llanadi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda 4600 dan ortiq noqonuniy raqam va texpasport saqlash holatlari aniqlangan. Ba’zi hollarda bu belgilar boshqa mashinalarga o‘rnatilib, ular orqali huquqbuzarliklar sodir etilgan. O‘tgan yilda bunday faktlar bo‘yicha 3 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Masalan, bir fuqaro Malibu avtomobiliga begona raqamni o‘rnatib, 70 mln so‘mdan ortiq jarimalarga sabab bo‘lgan.
Qonun loyihasi mualliflari ta’kidlaydiki, bu tuzatish fuqarolar va davlat manfaatlariga yetkaziladigan zararni oldini olish, huquqbuzarliklar va jinoyatlar sonini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, 128−6-modda ham to‘ldirilishi rejalashtirilmoqda: yuk mashinalarining yo‘l chetida to‘xtashi yoki turishi uchun jarima belgilanishi taklif etilmoqda. Faqat nosozlik holatlari bundan mustasno. Jarima miqdori 5 BHM etib belgilanadi. Tashabbus mualliflari fikricha, bu tungi vaqtda YTHlar sonini kamaytirish va yo‘llarni yengillashtirishga yordam beradi.