Toshkent xalq deputatlari kengashi shahar byudjetining qo‘shimcha manbalaridan 87 milliard so‘m mablag‘ni taqsimlashni ma’qulladi. Mablag‘lar ish haqlarini oshirish, talabalarga yordam berish va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi.
Ushbu summaning 65 milliard so‘mi byudjet tashkilotlari xodimlariga oshirilgan maoshlarni to‘lash hamda elektr energiyasi tariflarining oshishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga ajratildi.
Qolgan 22 milliard so‘m esa ijtimoiy va shahar loyihalariga yo‘naltiriladi. Ular orasida 150 nafar yetim va kam ta’minlangan oilalardan chiqqan qiz talabalarning kontrakt to‘lovlarini qoplash, maktab va bog‘chalarni ta’mirlash hamda jihozlash, tibbiy asbob-uskunalar va transport vositalarini xarid qilish, madaniy tashabbuslarni rivojlantirish va bolalar uchun kontent yaratish bor.
Eng katta ulush — 10,5 milliard so‘m — maktabgacha ta’lim tizimiga ajratiladi. Bu mablag‘lar bog‘chalarni ta’mirlash, xonalarni jihozlash va faoliyati to‘xtagan guruhlarni qayta tiklashga sarflanadi.
Yana 4 milliard so‘m “Toshkent tajribasi” loyihasiga yo‘naltirilib, u maktab sinflarini ta’mirlash va o‘qituvchilarga qo‘shimcha to‘lovlarni o‘z ichiga oladi.
Ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat shahar tegishli idoralariga yuklatildi.