"Uzbekiston temir yo‘llari" kompaniyasining 2025-yil yakunlari bo‘yicha sof foydasi 1,2 trln so‘mga (taxminan 100 mln dollar) yetishi mumkin. Bu haqda kompaniya rahbari Zufar Narzullayevning prezidentga taqdim etilgan prezentatsiyasida ma’lum qilingan.
2023-yilni 2,23 trln so‘mlik zarar bilan yakunlagan kompaniya 2024-yilda moliyaviy barqarorlikka qaytdi — foyda 46,6 mlrd so‘mni tashkil etdi. 2025-yilning to‘qqiz oyida ko‘rsatkich 857,4 mlrd so‘mgacha oshdi, yil oxiriga borib esa yanada ko‘payishi kutilmoqda.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning aytishicha, yaqin yillardagi asosiy vazifa — kompaniyaning to‘liq transformatsiyasini yakunlash va tannarxni kamida 20 foizga qisqartirish. Bu temiryo‘l xizmatlari tariflarini bosqichma-bosqich arzonlashtirish imkonini beradi.
2030-yilgacha sanoatni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan: poyezdlar parkini yangilash, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt asosidagi boshqaruv tizimlarini joriy etish, 151 km yangi temiryo‘l qurish, 182 km hududni elektrlashtirish, 27 ta stansiyani modernizatsiya qilish va 15 ta yangi shahar atrofi yo‘nalishini ochish ko‘zda tutilgan.
2024-yildan boshlab tezyurar va yuqori tezlikdagi poyezdlar bo‘yicha davlat tomonidan belgilab kelinayotgan tariflar bekor qilingan. Shundan so‘ng narxlar bir necha bor — 2023, 2024 va 2025-yillarda — oshirilgan. Kompaniya bu o‘sishni infratuzilma, energiya, logistika va harakatlanuvchi tarkibni yangilash xarajatlarini qoplash zaruriyati bilan izohlamoqda.