O‘zbekiston stеyblkoinlardan qonuniy to‘lov vositasi sifatida foydalanishga ruxsat berishi va kapital bozorida aktivlarni tokenlashtirish bo‘yicha loyihalarni sinovdan o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Milliy istiqbolli loyihalar agentligi (MILА) birinchi direktor o‘rinbosari Vyacheslav Pak “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni mazkur tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha aniq topshiriqlar bergan.
«MILАga Markaziy bank bilan birgalikda hisob-kitoblarda stеyblkoinlardan foydalanish amaliyotini sinovdan o‘tkazish va kapital bozorida qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirish loyihalarini amalga oshirish topshirildi», — dedi Pak.
Agentlik Markaziy bank va boshqa tegishli vazirliklar bilan birgalikda davlat rahbari topshiriqlarini bajarishni muvofiqlashtiradi.
Stеyblkoinlar nima?
Stеyblkoin — bu qiymati an’anaviy aktivlarga, masalan, AQSh dollari, yevro, oltin yoki neftga bog‘langan kriptovalyuta turi. Ular keng ko‘lamda to‘lovlar, pul o‘tkazmalari va jamg‘armalarda qo‘llaniladi. Eng mashhur misollar — USDT (Tether), USDC va DAI. Volatilligi yuqori bo‘lgan kriptovalyutalardan farqli ravishda, stеyblkoinlar asosiy aktivga deyarli barqaror kursni ta’minlaydi (masalan, 1 USDT = 1 AQSh dollari).
Aktivlarni tokenlashtirish.
O‘zbekiston, shuningdek, tokenlashtirish istiqbollarini ham o‘rganishni rejalashtirmoqda — ya’ni ko‘chmas mulk, qimmatli qog‘ozlar, oltin yoki san’at asarlari kabi real aktivlarni raqamli tokenlarga aylantirish. Bunday mexanizm aktivlarni raqamli platformalarda samaraliroq boshqarish imkonini beradi va mamlakat moliya bozorlariga kirishni kengaytiradi.