Moliya
04.12.25
7321

Maktab va bog‘chalar qurilishini moliyalashtirish mahalliy byudjetlar zimmasiga o‘tkaziladi

2026 yildan boshlab maktab va bog‘chalarni qurish hamda ta’mirlash mahalliy byudjetlar hisobidan moliyalashtiriladi. Hududlarga 19,7 trillion so‘m byudjetlararo transfert ajratiladi.

2026 yildan boshlab akademik litseylar, maktabgacha ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash xarajatlari respublika byudjeti darajasidan mahalliy byudjetlar hisobiga o‘tkaziladi. Ushbu maqsadlar uchun hududlarga 19,7 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Xabarda qayd etilishicha, akademik litseylarni saqlash hamda maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi obyektlarni loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash xarajatlari 2026 yildan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.

Hududlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika byudjeti parametrlarida tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar nazarda tutilgan. 2026 yilda ularning umumiy hajmi 19,7 trillion so‘mni tashkil etadi, shundan 3,6 trillion so‘m aksiz solig‘i hisobidan moliyalashtiriladi.

Ushbu o‘zgarishlar mahalliy hokimiyatlarning ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishdagi mas’uliyatini kuchaytirishi, shuningdek, maktab va bog‘chalarni qurish va ta’mirlashda hududlarning ehtiyojlarini samaraliroq hisobga olishga yordam berishi kutilmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling