O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab yangi ijtimoiy sug‘urta tizimi joriy etiladi. U nafaqat byudjet tashkilotlari xodimlarini, balki xususiy sektor ishchilarini ham qamrab oladi. Xususiy kompaniyalarda ishlovchi ayollar homiladorlik va tug‘ruq nafaqalarini, barcha rasmiy ishchilarning esa vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik uchun to‘lovlarni olish imkoniga ega bo‘ladi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 29-oktabr kuni ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda qayd etilishicha, 2021-yilda 17 foizni tashkil etgan kambag‘allik darajasi 2025-yilga kelib 6,8 foizgacha kamaygan. Shu bilan birga, xususiy sektorda ishlovchi ko‘plab fuqarolar hali ham ijtimoiy to‘lovlardan foydalana olmayapti.
Bugungi kunda xususiy ish beruvchilar ijtimoiy to‘lovlarni qo‘shimcha moliyaviy yuk sifatida ko‘radi, bu esa rasmiy bandlikni rag‘batlantirishga to‘sqinlik qiladi. Yangi tizim ushbu muammoni bartaraf etish va XMTning “Ijtimoiy ta’minotning minimal me’yorlari to‘g‘risida” hamda “Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida” konvensiyalarida belgilangan xalqaro standartlarga moslashishga qaratilgan.
Rejaga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan Ijtimoiy himoya jamg‘armasi homiladorlik va tug‘ruq nafaqalarini, 1-iyuldan esa vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik uchun to‘lovlarni amalga oshira boshlaydi. To‘lov miqdori ish staji va to‘langan soliqlarga bog‘liq bo‘ladi.
Milliy ijtimoiy himoya agentligi direktori Mansurbek Olloyorovning aytishicha, yangi tizim fuqarolarning kasallik, homiladorlik yoki boshqa hayotiy holatlar davrida moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatda 900 mingdan ortiq kasallik varaqasi rasmiylashtirilgan, shundan atigi 15 mingtasi xususiy sektor xodimlariga to‘g‘ri kelgan.
«Yangi tizim joriy etilgach, xususiy tashkilotlarda ishlovchi ayollar ham ijtimoiy sug‘urta mexanizmi orqali dekret to‘lovlarini olishadi. Bu rasmiy mehnat bozorini rivojlantirish va soya iqtisodiyotini qisqartirish yo‘lidagi muhim qadamdir», — dedi Olloyorov.
Prezident tizimni to‘liq raqamlashtirish, uni shaffof va avtomatlashtirilgan qilishni topshirdi — shunda nafaqalar ariza topshirmasdan avtomatik tarzda tayinlanadi.
Ma’lumki, 2022-yildan boshlab mamlakatda “dekret to‘lovlari”ni byudjet hisobidan moliyalovchi qisman dastur amal qilib kelgan. Biroq past qamrov va byurokratik to‘siqlar sabab ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilishi 2023-yilda atigi 11 foiz, 2024-yilda esa 30 foiz atrofida bo‘lgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi sug‘urta modeli ushbu muammolarni bartaraf etib, ijtimoiy himoya tizimini yanada samarali va adolatli qiladi.