O‘zbekistonda soxta dollar va so‘mlarning tarqalishi holatlari ortib bormoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, qalbaki dollarlarning katta qismi Turkiyadan kirib kelmoqda. 2024-yilda bu mamlakatda 600 million dollarlik banknotalarni olib kirish ishi bo‘yicha tergov o‘tkazilgandi.
O‘zbekistonda qalbaki pullarni sotish paytida ushlash holatlari bir necha bor qayd etildi. Masalan, 2025-yil yanvarida Toshkentda 50 ming dollarlik qalbaki kupyuralarni sotishga uringan uch nafar fuqaro qo‘lga olindi. Ulardan biri pullarni Turkiya fuqarosidan olganini tan oldi. Boshqa bir ishda esa soxta kupyuralar bankomatdan o‘tib ketib, xaridorlarni chalg‘itgan.
Bugun qalbaki valyuta asosan yopiq Telegram-kanallar orqali “zakladka” sxemasi bo‘yicha tarqatilmoqda. Ularda “aslidan farqsiz” dollar va so‘mlar taklif qilinib, hatto bankomatlar ham qabul qilishini va’da qilishmoqda.
O‘zbekiston Markaziy banki soxta pullarning tarqalishi iqtisodiyot va bank tizimiga bo‘lgan ishonchga jiddiy xavf tug‘dirayotganini tasdiqladi. Shu bois banklar zamonaviy detektorlar bilan jihozlanmoqda, bankomat dasturlari muntazam yangilanmoqda, mutaxassislar esa qalbakilikni aniqlash bo‘yicha o‘qitilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, eng ko‘p qalbakilashtiriladigan kupyura — 100 dollarlik banknota. Uni seriya raqamlari, maxsus bo‘yoqlari, qog‘oz tuzilishi va cho‘zilganda chiqadigan o‘ziga xos “jarangdor” tovushidan bilib olish mumkin. O‘zbekistonda esa ko‘pincha eski namunadagi 100 ming so‘mlik kupyura soxtalashtiriladi. Uni tekshirish uchun chetini suvga botirish kifoya — soxta kupyuralarda bo‘yoq tarqalib ketadi.
O‘zbekistonda qalbaki pullarni tayyorlash yoki sotish uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.