2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasining asosiy kapitaliga 443,6 trillion so‘m miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,2 foizga ko‘p, besh yil avvalgidan esa 2,8 barobar yuqori ko‘rsatkichdir.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, investitsiyalarning katta qismi xorijiy manbalar hisobidan yo‘naltirilgan. Joriy yilning to‘qqiz oyida xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 34,5 milliard dollarga yetdi.
Eng katta ulush sanoat sohasiga (32,9%) to‘g‘ri keldi. Shuningdek, elektr ta’minoti va gaz (18,4%), konchilik sanoati (12,2%) hamda qishloq xo‘jaligi (9,1%) yo‘nalishlari ham yetakchi o‘rinlarda qayd etildi.
Nisbatan kamroq investitsiyalar qurilish (6,1%), transport va saqlash (5,3%), suv ta’minoti va kanalizatsiya (1,8%), sog‘liqni saqlash (1,7%) hamda axborot texnologiyalari va aloqa (0,9%) sohalariga yo‘naltirildi. Qolgan tarmoqlarning ulushi jami 11,6 foizni tashkil etdi.
Avvalroq Shanxay shahrida O‘zbekiston investitsiyalar va savdoni rivojlantirish markazi ish boshlagani ma’lum qilingan edi. Yangi markaz mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish hamda O‘zbekiston va Xitoy tadbirkorlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.