Moliya
15.09.25
7255

Hafta markazida: markaziy banklar qarorlari va jahon bozorlaridagi tebranishlar

FRT, Angliya banki va Yaponiya banki stavkalar bo‘yicha qarorlar tayyorlamoqda, bozorlar pasayishni kutmoqda. Xitoy ma’lumotlari o‘sish sekinlashganini ko‘rsatdi, Pop Mart aksiyalari esa 9% ga qulab tushdi.

Bu hafta jahon bozorlarining e’tibori bir vaqtning o‘zida bir nechta markaziy banklarning yig‘ilishlariga qaratilgan. Foiz stavkalari bo‘yicha qarorlar AQSh Federal Rezerv tizimi, Angliya banki, Yaponiya banki hamda Kanada, Tayvan va boshqa davlatlar regulyatorlari tomonidan qabul qilinadi.

AQSh. FRT yig‘ilishi regulyator mustaqilligi bo‘yicha siyosiy bahslar va prezident Donald Trampning Boshqaruvchilar kengashidagi bo‘sh o‘ringa nomzodini muhokama qilish fonida bo‘lib o‘tadi. CME FedWatch ma’lumotlariga ko‘ra, bozorlar chorshanba kuni stavkani 25 bazaviy punktga tushirishni deyarli to‘liq narxlarga kiritgan, ammo 50 punktlik keskinroq qadam ehtimoli atigi 3,8% deb baholanmoqda.

Osiyo. Savdolar tinch boshlandi: Yaponiya bozori bayram sabab yopiq, Janubiy Koreya indeksi Kospi hukumat kapital o‘sish solig‘ini oshirmaslik qarori fonida rekord yangiladi. Panosiyo indeksi 0,1% ga ko‘tarildi.

Yevropa. Keng bozor fyucherslari 0,11% ga o‘sdi. Germaniyaning DAX indeksi o‘zgarishsiz qoldi, FTSE fyucherslari esa 0,1% ga pasaydi. Fransiya bozori esa Fitch agentligi mamlakat reytingini tushirgach, bosim ostida qolmoqda.

AQSh fond bozori. S&P 500 e-minis fyucherslari 0,1% ga ko‘tarildi. Bu “Triple Witching” — opsionlar va fyucherslarning muddati tugashi fonida sodir bo‘ldi.

Xalqaro aloqalar. AQSh va Buyuk Britaniya Donald Trampning Londonga ikkinchi tashrifi doirasida texnologiyalar va fuqarolik yadro energetikasi bo‘yicha yangi kelishuvlarni tayyorlamoqda. Shuningdek, Britaniya kelajakdagi savdo bitimi doirasida po‘lat tariflari bo‘yicha muzokaralarni yakunlashga umid qilmoqda.

AQSh va Xitoy esa Madridda savdo aloqalari bo‘yicha yangi raund muzokaralarni boshladi. Tramp esa TikTok’ning Amerika aktivlarini sotish muddatlari muhokama qilinayotganini ma’lum qildi. Manbalarga ko‘ra, ByteDance uchun muddat 17 sentyabrgacha yana uzaytirilishi mumkin.

Xitoy iqtisodiyoti. Avgust oyida sekinlashuv kuzatildi: sanoat ishlab chiqarishi o‘tgan oygi 5,7% o‘sishga nisbatan 5,2% ga o‘sdi, chakana savdo esa yiliga atigi 3,4% ni tashkil etdi.

Bozor yangiliklari. Mashhur Labubu o‘yinchoqlarini ishlab chiqaruvchi Xitoyning Pop Mart kompaniyasi aksiyalari Gonkongda 9% ga tushib ketdi. Bunga JP Morgan qog‘ozlar reytingini “neytral” darajaga tushirgani va kompaniya qiymatining ortiqcha baholanganini hamda tuzatish xavfini qayd etgani sabab bo‘ldi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling