O‘zbekiston eksporti o‘sishda davom etmoqda va tobora diversifikatsiyalashib bormoqda, biroq eksport tushumlarining asosiy qismi hanuz xomashyo mahsulotlariga bog‘liq. Bu haqda Markaziy bankning yangi sharhida ma’lum qilindi.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston kichik ochiq iqtisodiyot bo‘lib qolmoqda — eksport tarkibida sanoat va xomashyo mahsulotlari ulushi yuqori. Bu esa mamlakatni jahon narxlari tebranishlariga sezgir qiladi.
O‘sish va diversifikatsiya
So‘nggi yillarda eksport jahon bozoridagi qulay kon’yunktura, tashqi talabning oshishi va tuzilmaviy islohotlar hisobiga barqaror o‘sishni namoyish qilmoqda. Ayniqsa xizmatlar eksporti jadal sur’atlarda ortmoqda — transport, turizm va axborot texnologiyalari sohalarida:
turizm xizmati — 3,4 baravar,
IT-xizmatlar — 4 baravar,
transport xizmatlari — 1,7 baravar oshgan.
O‘rtacha hisobda tovar eksporti yiliga 10 foizga, xizmatlar eksporti esa 21 foizga o‘sgan. 2022-yil o‘rtalaridan boshlab xizmatlar ulushi (tilloni hisobga olmaganda) tovar eksportidan oshib ketgan.
Eksport geografiyasining o‘zgarishi
2017-yilda Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Turkiya O‘zbekiston eksportining 64 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yil oxiriga kelib ularning umumiy ulushi 44 foizgacha kamaygan. Shu bilan birga AQSh, Fransiya, BAA, Ozarbayjon, Pokiston va boshqa davlatlarga eksport hajmi oshgan.
Eksport qilinayotgan mahsulot turlari soni deyarli ikki baravar ko‘payib, 2245 tadan 4359 taga yetgan. Ular orasida:
300 dan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari,
400 turdagi kimyo mahsulotlari,
300 turdagi to‘qimachilik mahsulotlari,
180 turdagi metall mahsulotlari,
780 dan ziyod mashina va uskunalar mavjud.
Shunga qaramay, eksport tushumlarining qariyb 66 foizi hanuz xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar hisobiga shakllanmoqda. Markaziy bank ta’kidlashicha, bu holat mamlakat iqtisodiyotini tashqi shoklar va jahon narxlaridagi o‘zgarishlarga nisbatan zaif qiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston iqtisodiy murakkablik indeksi bo‘yicha o‘z o‘rnini yaxshiladi — 2017-yildagi 78-o‘rindan 2023-yilda 66-o‘ringa ko‘tarilib, mintaqadagi ko‘plab davlatlarni ortda qoldirdi.
2025-yil yanvar–sentabr oylarida mamlakatning tashqi savdo aylanmasi 59,8 milliard dollarni (+22,9%) tashkil etdi. Eksport 33,3 foizga, import esa 15,6 foizga oshdi. Bunga asosan oltin, xizmatlar va sanoat mahsulotlari yetkazib berish hajmining ortishi sabab bo‘lgan.