Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston davlat sektori islohotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 500 million dollarlik kreditni ma’qulladi. Ushbu mablag‘lar byudjet shaffofligini oshirish, davlat korxonalarini boshqarishni takomillashtirish hamda adolatli va barqaror iqtisodiyotni shakllantirishga yo‘naltiriladi.
Loyiha “Iqtisodiy boshqaruvni yaxshilash dasturi”ning ikkinchi bosqichi doirasida amalga oshiriladi. U ilgari boshlangan islohotlarni davom ettirib, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, iqtisodiy tartibga solishni yaxshilash va O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini tezlashtirishni nazarda tutadi.
OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araiya:
“Mazkur dastur O‘zbekistonning institutsional islohotlarni amalga oshirish, inklyuziv o‘sishni ta’minlash va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi qat’iyatini namoyon etadi”, — dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bank O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonida va xalqaro aloqalarni rivojlantirishda mamlakatga yordam berishda davom etadi.
Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
davlat investitsiyalari va davlat-xususiy sheriklik (DXSh) uchun yagona qoidalar joriy etish;
raqobat va investitsiya muhitini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish;
davlat korxonalarini boshqarishni xalqaro standartlar va gender muvozanati asosida modernizatsiya qilish;
manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun va yangilangan audit tizimi orqali korrupsiyaga qarshi choralarni kuchaytirish;
soliq bazasini kengaytirish va xalqaro soliq hamkorligini mustahkamlash.
Shuningdek, mamlakatning savdo va investitsiyalar sohasidagi qonunchiligini xalqaro me’yorlarga moslashtirish orqali JSTga a’zolikni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
Dastur ijtimoiy himoyaga ham alohida e’tibor qaratadi — islohotlarning ijobiy natijalaridan barcha fuqarolar foyda ko‘rishi va ularning salbiy ta’sirini zaif qatlamlar uchun yumshatish ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda O‘zbekiston va OTB hamkorligiga 30 yil to‘ladi. Shu vaqt ichida bank mamlakatga jami 14,6 milliard dollarlik kredit, grant va texnik yordam ajratgan.